Janubiy Koreya Facebook’ni 6 million dollar miqdorida jarimaga tortdi
Janubiy Koreyada foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini uchinchi tomon kompaniyalariga taqdim qilgani uchun Facebook 6,7 milliard von (6 million dollar) miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda Babel nashri Koreyaning Yonhap axborot agentligiga asoslanib xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko’ra, qaror Janubiy Koreyaning Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi tomonidan qabul qilingan. Komissiya shu yilning avgust oyida Janubiy Koreyada Facebook-ni boshqaradigan Irlandiyada joylashgan Facebook Ireland Ltd kompaniyasi faoliyatini ko’rib chiqishni boshladi. Komissiya Facebook foydalanuvchilarning roziligisiz 2012-yildan 2018-yilgacha 3,3 million kishining ma’lumotlarini ko’plab biznes sheriklariga o’tkazganligini aniqladi.
To’liq raqami nomlanmagan Facebook sheriklari foydalanuvchi nomlari, ularning manzillari, tug’ilgan sanalari va boshqa ma’lumotlarni olishdi. Hammasi bo’lib 10 mingga yaqin kompaniya ma’lumotlarni Facebook’dan olgan bo’lishi mumkin. Tekshirish materiallari Facebook Ireland Ltd.ga qarshi jinoiy ish qo’zg’atish uchun prokuraturaga yuboriladi. Facebook vakillari «tergov davomida to’liq ma’lumot berganliklarini» va komissiya qarorini o’rganib chiqishlarini aytishdi.
