Ilon Maskning fikricha COVID-19 shamollashning bir turi xolos
Tesla bosh direktori Ilon Mask, oʻzida COVID-19 infeksiyasining “meʼyoriy holati”da kechayotganini va virusning oʻzi esa shamollashning bir turi ekanini aytdi. “RBK”ning xabar berishicha, bu haqda u Twitterʼdagi sahifasida yozgan.
“Ayni paytda mendagi simptomlar — yengil shamollash alomatlaridir, buning ajablanarli tomoni yoʻq, chunki koronavirus shamollashning bir turi”, — degan Mask.
Koronavirusni aniqlash uchun topshirgan testlarini sharhlar ekan, u “Har xil laboratoriyalardan mutlaqo turlicha natijalar” olayotganini aytdi.
Avvalroq Mask bir kunning oʻzida koronavirusni aniqlash uchun topshirgan testi natijasining ikkitasi ijobiy, ikkitasi salbiy chiqqanini maʼlum qilgandi. Bunda u BD kompaniyasining bir xil ekspress-testidan foydalangan va hamma tahlillarni bitta hamshira olgan. Bu safar u boshqa laboratoriyada PZR-testini topshirib koʻrishga qaror qilganini qoʻshimcha qilgan. Uning natijasi 24 soatdan soʻng maʼlum boʻlishi lozim edi.
Oʻshanda ham Ilon Mask unda oddiy shamollash simptomlari kuzatilayotganini aytgan.
