Yangiliklar

AOKA COVID-19 statistikasiga oid yangilik sababli «Gazeta.uz»ni ogohlantirdi

«Gazeta.uz»ni COVID-19 kasalxonalari bemorlari statistikasi va SSVning koronavirus bemorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqqoslangan yangilikni e’lon qilgani uchun «jiddiy huquqiy oqibatlar» haqida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ogohlantirildi.

«Gazeta.uz» tahririyatiga kelajakda tekshirilmagan ma’lumotlar e’lon qilingan taqdirda «jiddiy huquqiy oqibatlar» kelib chiqishi ogohlantirilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev tomonidan imzolangan xat kelib tushgan.

Ogohlantirish 17-noyabr kuni prezident rahbari matbuot xizmati xabari asosida yozilgan «Prezident poruchil optimizirovat COVID-bolnitsy» xabariga tegishli (xat rus tilidagi xabar bo‘yicha berilgan. O‘zbek tilida ushbu xabar: «Prezident COVID-19 kasalxonalarini optimizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi»). Prezident matbuot xizmatining xabarida quyidagi matn mavjud:

«Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘yicha 89 ta muassasada 17 ming 500 o‘rin COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan. Hozirda ushbu o‘rinlarda 6 ming 570 nafar bemor davolanmoqda…Shu munosabat bilan, mutasaddilarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar faoliyatini chuqur o‘rganib, ularni optimizatsiya qilish topshirig‘i berildi».

Keltirilgan matnda koronavirus bemorlari va koronavirus bilan kasallanganlar uchun mo‘ljallangan shifoxonalar to‘g‘risida aniq aytilgan. Shu bois, «Gazeta.uz» ushbu xabarni berishda Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘sha kuni kechki vaqtda bergan statistik ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 2123 nafar koronavirus bemori davolanayotganiga e’tibor qaratdi. Xabarni e’lon qilishdan oldin tahririyat SSVga munosabat so‘rab murojaat qildi, lekin tezkor javob ololmagan.

Xabar e’lon qilinganidan bir oz vaqt o‘tganidan so‘ng SSV ushbu holatga izoh berib, 6 570 nafar bemor ichida ba’zi belgilari mavjud bo‘lib, kasallikda gumon qilingan, lekin virus tasdiqlanmagan, shuningdek, pnevmoniyaga chalingan yoki unga ham gumon qilingan bemorlar borligini ma’lum qildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xatida qayd etilishicha, «to‘la tekshirilmagan ma’lumot asosida e’lon qilingan xabar va uning ketidan bildirilgan munosabat jamoatchilikda noto‘g‘ri fikrga olib kelgan».

AOKAning qo‘shimcha qilishicha: «Bu esa, o‘z navbatida, mamlakat hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan sa’y-harakatlarga nisbatan salbiy fikr-mulohazalar uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin» (agentlik tomonidan bu so‘zlarning tagiga chizilgan).

«Gazeta.uz» o’z navbatida masalani bunday bayon qilishni bo‘rttirish deb hisoblashini, ogohlantirish xatiga esa tahririyatni «noqulay» savollar berishni to‘xtatishga majbur qilish bo‘yicha keskin javob deb qarashini bildirdi.

Ma’lumot uchun, 23 noyabr kuni Kun.uz internet nashri ham AOKAdan ogohlantirish olgan. Bunga tahririyat tomonidan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining O‘zbekistonda izg‘irin sovuq tushushi ortidan gaz va elektr ta’minoti muammolari bilan bog‘liq fikr-mulohazalarining e’lon qilinishi sabab bo‘lgan. Sayt ham «jiddiy huquqiy oqibatlar» haqida xabardor qilingan.

Kun.uz tahririyati AOKA bosh direktorining xatini «jurnalistik faoliyat erkinligiga bosim o‘tkazish» deb baholadi va jurnalistlar bilan «kurash» o‘rniga mavjud muammolarni hal etishga e’tibor qaratishga chaqirdi.

Avvalroq, O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi joriy yilning  uch choragi davomida tele va radiokanallarga, bosma va internet nashrlariga 90 ta taqdimnoma va ogohlantirish yuborgani haqida xabar qilgan edik.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.