Yangiliklar

SSV va nihoyat koronavirus boʻyicha rasmiy statistikadagi farqlarni izohladi

Sogʻliqni saqlash vazirligi va nihoyat koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalardagi bemorlar soni va davolanayotgan koronavirus bemorlari koʻrsatkichlardagi farqlarni izohladi.

Vazirlikka koʻra, rasmiy statistikaga faqatgina maxsus laborator tekshiruvlarda koronavirus tasdiqlanganlar kiritiladi. Shifoxonalar statistikasida esa kasallik belgilari mavjud yoki pnevmoniya boʻlganlar, lekin infeksiya tasdiqlanmagan bemorlar ham kiritilgan boʻladi.

Oʻzbekistonda 89 ta muassasada 17 500 ta oʻrin COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan boʻlib, hozirda ushbu oʻrinlarda 6 570 nafar bemor davolanmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati maʼlum qildi.

Rasmiy axborotda COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan koyka-oʻrinlarda davolanayotgan bu 6 570 bemorning bari koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganmi yoki yoʻq, bunga alohida aniqlik kiritilmagan, lekin axborotning oʻzi koronavirusga qarshi kurash mavzusida edi.

Oʻzbekistondagi qator nashrlar va blogerlar ushbu maʼlumot Sogʻliqni saqlash vazirligining bergan statistik maʼlumotlariga mos kelmasligiga (17 noyabr 19:00 holatiga koʻra mamlakatda 2123 nafar koronavirus bemori davolanmoqda) eʼtibor qaratishdi.

Shundan soʻng SSV koronavirusga chalinganlarni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalar va rasmiy statistikadagi farqlarga izoh berdi.

Unga koʻra “Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan beriladigan rasmiy statistik maʼlumotlarda faqatgina infeksiya tasdiqlangan bemorlar kiritiladi”, — deyiladi xabarda.

“Shifoxonalarda esa kasallikning baʼzi belgilari mavjud boʻlib, kasallik gumon qilingan, lekin virus tasdiqlanmagan, shuningdek, pnevmoniyaga chalingan yoki unga ham gumon qilingan bemorlar boʻladi. Ular rasmiy statistikaga kiritilmaydi”.

“Kasallik tasdiqlansa, ular darhol rasmiy statistikada qayd etiladi va yuqumli kasalliklar shifoxonalariga yoʻnaltiriladi. Shuning uchun koronavirus tasdiqlanmagan, lekin boshqa kasalliklardan davolanayotgan bemorlar ham juda koʻp. Shularning hisobiga shifoxonalardagi bemorlar soni koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning vazirlik eʼlon qilayotgan rasmiy miqdoridan farqli ekanini koʻrish mumkin”, — deyiladi vazirlik izohida.

Factchecking.uz blogi avval ham Oʻzbekistonda kasallikni yuqtirganlar sonining turli manbalarda xilma xilligi haqida xabar qilgan.

Eslatib oʻtamiz, vazirlik 22-sentyabrdan boshlab koronavirusdan vafot etganlarga doir qoʻshimcha maʼlumotlarni berishni toʻxtatgan va buning sabablarini maʼlum qilmagan. Mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni SSV statistikasidagi raqamlardagidan koʻproq boʻlishi mumkinligini vazirlik huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabining bir necha aʼzosi tan olgan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.