Dukentdagi ayiq otil(ma)gan
2020-yil 2-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda ayiqning aholi yashash punktida harakatlangani aks etgan videolavhalar keng tarqaldi. Maʼlum boʻlishicha, bola ayiq aks etgan lavha Toshkent viloyati Angren shahri “Dukent” qoʻrgʻonidagi “Navbahor” mahallasida tasvirga olingan.
Shu kuni ayiqning otib oʻldirilgani haqidagi xabarlar ham tarqaldi. Hatto xabarlarga ayiq murdasi va ovchi aks etgan suratlar ham ilova qilindi
2-noyabr kuni soat 18:24 da “Oʻzbekiston24” telekanali “Fakt24” axborot dasturida esa bu xabar tasdiqlandi. Axborot dasturida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi matbuot kotibi Bunyod Abdullayev ekoinspektorlar yuborilganini bildirgan. “Fakt24” axborot dasturi suxandonlari ayiq otib qoʻyilgani va dastlabki surishtiruv ishlari boshlanganini, shuningdek, batafsil keyingi dasturlarida maʼlumot berishini taʼkidladi.
Ayni shu kuni soat 23:35 da esa Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Bobur Toʻlaganov ayiq otib oʻldirilgani haqidagi axborotlarni rad etib, ayiq tirikligini maʼlum qildi.
– Ushbu holat yuzasidan shu vaqtning oʻzida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida viloyat IIBB 2-mintaqaviy hudud PPX xodimlari va Angren shahar IIB tomonidan ushbu ayiq ushlanib xavfsiz joyga joylashtirilgan. Hozirda ayiq sogʻ-omon va xodimlar qoʻriqlovida. Erta tongdan uni yovvoyi tabiatga qaytarish rejalashtirilgan. Surat ayni vaqtda olindi, – deya izoh qoldirgan Bobur Toʻlaganov.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi bildiruvidan soʻng, 3-noyabr kuni soat 1:45 da Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi rasmiy Telegram kanali orqali quyidagilarni maʼlum qildi:
– Davlat ekologiya qoʻmitasi huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda holatni oʻrgandi. Oʻrganish natijasiga koʻra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto Angren shahri Dukent qoʻrgʻonida yurgan ayiqqa aloqasi yoʻq, foto esa Rossiya Federatsiyasi hududida tasvirga olingan.
Holatga yana-da oydinlik kiritish va asl voqeani aniqlash uchun Angren shahri hokimligi Axborot xizmati bilan bogʻlandim.
– Ayiq bolasi shu kunning oʻzida Angren shahridagi “Gurum” mahallasidan topildi. U yemish izlab aholi tomorqasiga borib qolgan. Ayiq bolasiga gʻamxoʻrlik koʻrsatilgan va tegishli idora xodimlariga topshirilgan. – deydi Angren shahri hokimligi Axborot xizmati rahbari Gulshoda Shoxonova.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmatining qoʻshimcha qilishicha, kecha tushdan keyin ayiq bolasi tabiatga qoʻyib yuborilgan.
Axborot makoni misoli ulkan ummon. Qalqib turgan suv uzra suzayotgan minglarcha, millionlarcha koʻzlar xolis munosabatni, toʻgʻri axborotni, muxtasar aytilsa, haqiqatni kutadi. Intiq kutadi. Har qanday axborotni uzatishdan avval, albatta, unga komil ishonch hosil qilish va tekshirish, qayta va qayta tekshirish kerak. Jurnalist kasbining taqozosi – shu.
Otabek ISROILOV,
jurnalist
