Instrument

InVID-WeVerify: videoni kadrlarga bo‘lib tekshiradigan bepul brauzer plagini

Kinotasma
© LoMit / Wikimedia Commons, CC BY 4.0

InVID-WeVerify — jurnalistlar va faktcheklar videolar hamda suratlarni tekshirish uchun foydalanadigan bepul brauzer plagini. U videoni kalit kadrlarga ajratib, ularni bir nechta qidiruv tizimida teskari qidirish imkonini beradi. Plagin haqida Bellingcat qo‘llanmasi, Amnesty International’ning Citizen Evidence Lab yo‘riqnomasi va Media & Learning portali batafsil yozgan.

Bu qanday vosita?

Plagin Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan InVID va WeVerify loyihalari doirasida yaratilgan, keyinchalik vera.ai loyihasi doirasida rivojlantirilgan. Amnesty International’ning dalillar laboratoriyasi uni ochiq manbalar bilan ishlovchi barcha tadqiqotchilarga tavsiya qiladi va «Shveytsariya pichog‘i»ga qiyoslaydi: bir joyda ko‘plab vositalar jamlangan.

Asosiy imkoniyatlar

  • Kalit kadrlar. YouTube yoki Facebook videosi havolasini kiritsangiz, plagin undan asosiy kadrlarni ajratib beradi. Har bir kadrni Google, Yandex, Bing, TinEye va boshqa tizimlarda teskari qidirish mumkin — bu videoning avvalroq boshqa joyda e’lon qilinganini topishga yordam beradi.
  • Lupa (Magnifier). Suratni piksel darajasida kattalashtirish, aniqlashtirish va aylantirish, so‘ng uni teskari qidiruvga yuborish mumkin.
  • Metama’lumotlar. Surat va video fayllaridagi texnik ma’lumotlarni ko‘rsatadi.
  • Kriminalistik filtrlar. Suratdagi tahrir izlarini aniqlashga yordam beradi.
  • Matnni ajratish (OCR). Rasmdagi yozuvni ajratib, tarjima qiladi.
  • Dipfeyk bo‘limi. vera.ai doirasida ishlab chiqilgan tajriba vositasi videolarni sun’iy tahrir belgilariga tekshiradi.

Qanday o‘rnatiladi?

Chrome Web Store’da «InVID WeVerify» deb qidiring va plaginni o‘rnating (Firefox uchun ham versiyasi bor). O‘rnatilgandan so‘ng plagin belgisini brauzer paneliga mahkamlab qo‘ying. Sahifadagi rasm yoki video ustida sichqonchaning o‘ng tugmasini bosib ham plagin funksiyalaridan foydalanish mumkin.

Muhim eslatma

Plagin dalil to‘playdi, lekin hukm chiqarmaydi. Natijalarni boshqa manbalar bilan solishtiring: video birinchi marta qachon va kim tomonidan e’lon qilinganini, joy va sana voqeaga mos kelishini tekshiring.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.