Instrument

Axboriy ifloslanishning oldini olish va raqamli salomatlikni saqlash uchun Oʻzbekistonda mediataʼlim joriy etilishi kerak

Bugun dunyoda axboriy ifloslanish, shuningdek, axborotning nomaqbul shakllari paydo boʻlayotgani soxta va yolgʻon maʼlumotlardan himoyalanish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Axboriy oqimning shiddati olamlar ongu shuuri uchun kurashni kuchaytirdi. Axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik muammosining dolzarblashuvi, axborotning tovar sifatidagi tijoriy funksiyalari oshishi, axboriy blokada, mediaga qaramlik, feyk axborot va manipulyativ taʼsirning kengayishi milliy manfaatlar ustuvorligi hamda davlat xavfsizligini taʼminlash maqsadida aholining mediaisteʼmolini oʻrganish, omma ongida axborot olamini tartibga solish, axborot va raqamli salomatligini saqlash, axborot bilan muomala qilishning yangi usullarini ishlab chiqish, aholining, xususan, yoshlarning axborot madaniyatini shakllantirishni taqozo etmoqda. Bu vazifani mediataʼlimni joriy etmasdan amalga oshirish imkoni yoʻq.

Xoʻsh, mediataʼlimni Oʻzbekistonda qanday joriy etish mumkin? Bunda oʻzbekistonlik yoshlarning axborot isteʼmolining qanday oʻziga xosliklari inobatga olinishi kerak? Milliy asoslar nimalardan iborat? Bolalarga, yoshlarga

Yoshlar internetda nima bilan band?

Mediataʼlimni joriy etishdagi dastlabki qadam mediaisteʼmolidagi muammolarni aniqlashdir. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti koʻmagi bilan oʻtkazilgan, yoshlarning media isteʼmolida kechayotgan oʻzgarishlarni, shuningdek, mediasavodxonlik darajasini oʻrganishni maqsad etgan kichik tadqiqotimizda respublikaning barcha hududidan 7827 nafar yoshlar qatnashdi.

Sotsiologik soʻrov natijalariga asoslanib aytish mumkinki, oʻzbekistonlik yoshlarning raqamli olamga murojaat imkoniyatlari kengayib bormoqda, ular mediadan, xususun Internetdan faol foydalanmoqda. Auditoriyaning axborot olish manbasi, media bilan munosabatlarini aniqlash maqsadi koʻzlangan “Axborotni koʻproq qayerdan olasiz?” degan savolga ishtirokchilarning 43 foizi ijtimoiy tarmoq va messenjerlar, 36,6 foizi internet saytlari, 0,3 foizi gazeta-jurnal, 2,9 foizi televideniye, 4 nafari radio (0,1 foizga yetmaydi), 7,4 foizi kitob, 9,7 foizi ota-ona, oʻqituvchi va doʻstlar bilan muloqot degan javoblarni bergan.

Kuniga necha soat internetdan foydalanasiz, degan savol natijalariga koʻra yoshlarning 4,9 foizi har kuni internetdan foydalanmasligi maʼlum boʻldi. Ishtirokchilarning asosiy qismi esa 1 soatdan 12 soatgacha boʻlgan vaqt oraligʻida faol foydalanadi: 12,5 foiz – 1 soatgacha, 34,4 foiz – 1-3 soat oraligʻida, 32,4 foiz – 3-5 soat, 13,1 foiz – 6-12 soat oraligʻida. 12 soatdan koʻp foydalanuvchilar soni 2,7 foizni tashkil etadi. Demak, yoshlarga internetdan ratsional foydalanishni oʻrgatish zarur.

Tadqiqotning asosiy savollaridan biri boʻlgan “Internetda nima bilan shugʻullanasiz?” degan “saytlardagi yangiliklarni kuzataman” degan javob eng koʻp ovoz olgan – 54,1 foiz. Demak, internetning imkoniyati keng boʻlish bilan bir qatorda yangiliklar uzatish funksiyasi yetakchilik qiladi. “Qidiruv tizimlaridan foydalanaman” degan javob 32,9 foizni tashkil etsa-da, respondentlar qidiruv tizimlari optimizatsiyasi tushunchasi bilan tanish emas. Soʻrovnoma ishtirokchilarining 45 foizi elektron kitob oʻqishi, 16,1 foizi onlayn shaklda oʻqishi media imkoniyatlaridan taʼlim sohasida keng foydalanilayotganini tasdiqlaydi. Bu oʻrinda shu narsa aniq boʻldiki, mediadan faol foydalanish mediataʼlimning tanqidiy tafakkurni shakllantirish maqsadiga mos. Ishtirokchilarning 4,5 foizi onlayn ishlaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda muloqot 31,5, film va seriallar tomoshasi 15,5, foto va video yuklash 14,7, oʻyinlar 3,7 foiz ovoz olgani media bilan munosabatlarni tartibga solish, mediaga foydali maqsadda murojaat etish zaruratini namoyon etadi.

Axborotni tekshirishga qaratilgan mediasavodxonlik koʻrsatkichi oʻrta, axborotni yaratish boʻyicha past darajada. Yoshlar axborotning manipulyativ, tijoriy taʼsirini chuqur anglamaydi, reklama qilingan mahsulotni olish istagi tez-tez paydo boʻladi. Tabiat manzarasi aks etgan feyk surat berilganida 66,3 ishtirokchi suratning haqiqiyligiga shubha bildirmadi. 74,8 foiz auditoriya videoning ilk manbasini aniqlashni bilmaydi. 48,3 foiz qatnashchi bot bilan 74,7 foizi jamoatchilik fikrini boshqarish maqsadida faoliyat yuritayotgan soxta akkauntlar faoliyatidan xabardor emas. Respondentlarning 78,8 foizi videokontent yarata olmaydi.

Raqamli media mahsulotlar isteʼmolida progressiya kuzatilsa-da, anʼanaviy OAVda iararxik regressiya mavjud. Eng yomoni yoshlar anʼanaviy mutolaadan uzoqlashgan. Oʻzbekistonlik yoshlar hozircha mediasavodxonlikning tarkibiy komponentlari haqida toʻliq va tugal tushunchaga ega emas. Tadqiqot orqali olingan natijalar Oʻzbekistonning axborot siyosatini ishlab chiqish, mediataʼlimni joriy etishda foydalanilishi kerak.

Mediataʼlim Oʻzbekiston uchun yangi fan emas

Mediataʼlim XX asrning ikkinchi oʻn yilligida jahon taʼlim amaliyotida paydo boʻlib, oʻtgan asrning 60 yillaridan keyin keng ommalashdi. Ammo tarixga qaytib ish koʻradigan boʻlsak, ungacha boʻlgan davrda ham mediataʼlimning tarixiy ildizlari, uslub va mazmun jihatidan axborotni saralash, uni tekshirishga qaratilgan ilmlar mavjudligiga guvoh boʻlamiz.

IX-XII asrlarda Markaziy Osiyodagi madrasalarda sharʼiy manbalarga muvofiq dalillash, asoslash, chuqur idrok etishga qaratilgan kalom ilmi oʻqitilgan. Unda sogʻlom eʼtiqodni shakllantirish, haq va botilni ajratish, notoʻgʻri tushunchalarni rad qilish, bidʼat va xurofotdan saqlanish uchun ishonchli axborotni aniqlash, dalillash, asoslash, chuqur idrok etish, masalalari aks etgan. Kalom ilmida rost va yolgʻonni, asl va soxtani aniqlash uchun qoʻllangan usullar va prinsiplar mediataʼlimning tarixiy koʻrinishiga misol boʻla oladi. Kalom ilmi namoyondalaridan biri Abu Homid Gʻazzoliy (1058–1111)ning nasihatlari ichida “Fikr bildirganda: “Bu – mening qarashim”, deb ayting”, “Biror narsa yoki birortasini maqtaganda, oshirib yubormang”, “Sizga nisbatan muomala meʼyorini buzganlarga ham vazmin boʻling”, “Faqat va faqat rost gapiring”, “Har yerda maqbul soʻz ayting, chiroyli gapirishga harakat qiling”, “Bitta soʻzni qaytaraverishdan saqlaning”, “Hech kimni aldamang, masxaralamang”, “Yolgʻon soʻzlashni tajriba qilmang va odatlanmang” kabilari ham bugungi axboriy savodxonlik nuqtayi nazaridan ham ahamiyatlidir.

Oʻrta asrlarda madrasalarda oʻqitilgan ilmlardan yana biri hadis ilmidir. Fani hadisni rivoyat qilgan kishilarning silsilasi, matnni qabul qilish va rad qilish jihatidan holatlarini bilishning asoslari va qoidalarini oʻrganuvchi fan hisoblanadi. Fanning maqsadi sahih hadislarni ajratish boʻlgan. Hadislarlarning sahihlarini ajratish usullari bugungi kunda axborotlarni tekshirishda ham dolzarb boʻlib, hadis ilmi mediataʼlim bilan uslub nuqtayi nazaridan yaqinligini taʼkidlash mumkin.

Qadimiy manbalar va Sharq allomalarining asarlarida axborot toʻgʻriligining ahamiyati, yolgʻon xabarlarni aniqlash masalalari yetarlicha aks etgan. Qadimiy manbalardan biri – “Avesto”da yolgʻon kabir gunoh sifatida koralanadi, chin eʼtiqodga xiyonat deb baholanadi. “Avesto”da tuhmat, axborotni tekshirish muhimligi masalasi tilga olingan. Naql qilinishicha, Frangxrasyon tuhmatlarni tekshirmay, kuyovi Siyovush (Syavarshan)ni oʻldirishga buyurgan. Bu makr uchun qasd olish ilinjida tavallo qiladi.

Buyuk olim va mutafakkir Abu Rayhon Beruniy (973–1048) “Hindiston” asarida koʻz bilan koʻrilgan voqelik va boshqa birov orqali yetkazilgan xabarning, yaʼni mediataʼlim nuqtayi nazaridan aytganda reallik va reprezentatsiyaning farqini koʻrsatib beradi. “Xabar koʻz bilan koʻrgandek boʻlmaydi, degan kishining soʻzi juda toʻgʻridir… xabar xabar beruvchilar sababli rostlik va yolgʻonlik tusini oladi. Chunki odamlarning maqsadlari xilma-xil, xalqlar oʻrtasida tortishish va talashish koʻp”. “Kitob al-jamohir fi maʼrifat al-javohir” (Mineralogiya) asarida Beruniy boʻlgan va boʻlmagan safsatalarning xayoliy uydirmalar ekani toʻgʻrisida soʻzlaydi.

Abu Ali ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Jaloliddin Rumiy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida ham bu kabi misollarni topish mumkin. Masalan, Yusuf Xos Hojib “Barcha soʻzni eshit, ammo ishona qolmagin” deydi, “Temur tuzuklari”da “Haqgoʻy boʻlsang, najot topasan” deya keltiriladi.

Axboriy savodxonlikka oid boʻlgan milliy tarixiy asoslar mavjudligi mediataʼlimni zamonaviy shaklda joriy etish zaruratini yana bir bor asoslaydi.

Mediataʼlimning “oʻzbek modeli”: qanday boʻlishi kerak?

Jahonda mediataʼlimni joriy etish tajribasida ustuvorlik kasb etayotgan “Global fikrlash, lokal harakat qilish” tamoyili ham har bir hududda milliy va mahalliy model hamda standartlar yaratishni nazarda tutadi. Mediataʼlimning tarixiy, nazariy, amaliy, metodologik asoslarini oʻrganib, olingan xulosalar asosida mediataʼlimning “oʻzbek modeli” taʼrifi va xususiyatlari quyidagicha keltirilishini taklif etamiz:

Mediataʼlimning “oʻzbek modeli” – bolalar, oʻsmirlar, yoshlarning mediaolamga moslashuvini taʼminlovchi, umuman, uzluksiz taʼlim shaklida barcha yoshdagilarining axborot bilan munosabatlarini tartibga soluvchi, oʻzbekona tarbiya bilan parallel olib boriluvchi, mediamakondagi har qanday axboriy xurujlarga qaramay, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega axborot isteʼmolchilarini tayyorlovchi, axborot odobi, madaniyati, maʼnaviyatini shakllantiruvchi, insonning sotsioembrion darajadan umrining soʻngigacha davom etuvchi, mediamahsulotlarni tafakkur chigʻirigʻidan oʻtkazib, saralab qabul qilish, baho berishda ijtimoiy immunitet, zirh vazifasini oʻtovchi, mediamahsulotlar yarata olish boʻyicha amaliy koʻnikmalarni yuzaga chiqaruvchi, oʻquv jarayonida sharqona didaktik asoslarga tayangan, raqamli olamda xavfsizlik qoidalarini oʻrgatuvchi, ommaviy kommunikatsiyadagi muammolarni hal etib, axboriy olamdagi konfliktlarni bartaraf etuvchi, milliy mentalitetga xos boʻlmagan nomaqbul axborotlarning taʼsirini minimallashtiruvchi taʼlim modelidir. U mediataʼlimning tanqidiy tafakkur, himoyalovchi, estetik-badiiy, amaliy nazariyalari bilan bir qatorda Oʻzbekiston va jahon uchun dolzarb va zarur boʻlgan yangi “diniy-maʼrifiy” nazariyani oʻz ichiga olishi maqsadga muvofiq. Chunki diniy masalada notoʻgʻri talqin, soxta axborotlar koʻpligi, ijtimoiy tarmoqlarda diniy mavzulardagi tortishuvlar kuzatilishi mazkur yoʻnalishga mediasavodxonlikning bir yoʻnalishi sifatida qarashni taqozo etadi.

Mediataʼlimning “oʻzbek modeli”ni amaliyotga joriy etish axboriy va kiber xavfsizligini mustahkamlaydi. Auditoriyani dezinformatsiyadan himoyalash va jamiyatda sogʻlom axborot muhitini shakllantirish uchun global tarmoq yoki OAVdan foydalanishda texnik cheklovlarni qoʻyishga zarurat qolmaydi, mediaga qaram insonlar soni kamayadi. Sogʻlom axboriy muhit iqtisodiyotning barcha tarmoqlari – ishlab chiqarishdan sogʻliqni saqlash tizimigacha – rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Mediataʼlimni joriy etishda xorijiy tajribani toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirmay, milliy modelni yaratish zarurati mentalitet, axboriy muhit va axboriy muammolar turlichaligi bilan ham izohlanadi. Masalan, mediataʼlimga doir xorijiy qoʻllanmalarda axloqiy ogʻishlar va diniy masalalardagi baʼzi misollar, qarashlar, nuqtayi nazarlar oʻzbek milliy mentaliteti, asriy qadriyatlariga mos emas, buni oʻzbek auditoriyasida muhokama etish maqbul emas.

Shuningdek, Oʻzbekistonda bolalarni salbiy taʼsirli axborot, mediamahsulotlardan himoyalashda oila ijtimoiy institutidan samarali foydalanish zarur. Bola oilasi bilan koʻp vaqt oʻtkazishi, oilada uning media isteʼmoli nazorat qilinishi, ota-onasi bu borada namuna boʻlishi, mediaolam haqida dastlabki koʻnikmalar shakllantirilishi kerak. Buni quyidagi koʻrinishda ifodalashni taklif etamiz: bola – oila – taʼlim muassasasi – mediamakon. Yaʼni mediamakonga yoʻl oila va taʼlim muassasasi orqali boʻlishi kerak. Bu ota-onalar uchun mediasavodxonlik qoʻllanmalarini yaratish zaruratini keltirib chiqaradi.

Shuningdek mediataʼlimni milliy taʼlim tizimiga joriy etishda oʻquv reja va dasturlarining moslashuvchanligiga eʼtibor qaratish talab etiladi. Maʼnaviy ishlarning bir qismi sifatida qaramay, gumanitar fanlarga integratsiyalash bilan cheklanmasdan, uni aniq fanlarga ham kiritish maqsadga muvofiq.

Umumiy oʻrta taʼlimda mediataʼlimni integratsiyalashgan shaklda, yaʼni boshqa fanlar mazmuniga singdirib oʻqitish kerak. Alohida fan sifatida oʻqitish milliy taʼlim tizimida fanlar koʻpligi va informatika fanida raqamli savodxonlik, shaxsiy maʼlumotlar konfidensialligini taʼminlash, raqamli ijodkorlik kabi yoʻnalishlarda bilim berish; ona tili fanida ingliz va rus tillaridagi mediamatnlarni oʻrganishda qulayligi uchun kontentni tahlil qilish, mafkuraviy maqsadlarni aniqlash, adovat va nafrat tilini aniqlash kabi vazifalarni kiritish, huquq darsida axborot huquqi, internetda mualliflik huquqini buzganlik, yolgʻon xabar tarqatganlik, shaxsning shaʼni, qadr-qimmati, ishchanlik obroʻsiga putur yetkazganlik uchun javobgarlik boʻyicha tushunchalar berish, tarbiya fanida raqamli gigiyena va netiketni shakllantirish vazifasini yuklash mumkin. Shuningdek, tasviriy sanʼatga vizual mediataʼlim komponentlarini kiritish, kimyo, biologiya, geografiya darslarida ham mediataʼlim instrumentidan foydalangan holda dars sifatini oshirish, masalan, zarur maʼlumotlarni topish, axborot manbalariga murojaat qila olish, tabiiy jarayonlar haqida film ishlash, tarix darsida mediasavodxonlikka doir tarixiy misollar berish orqali ham integratsiyalash mumkin. Oʻqituvchi qaysi fan boʻlishidan qatʼi nazar, soʻz erkinligi prinsipiga amal qilishi, OAVga murojaat qilishi, oʻquvchi bilan teng dialogga kirishishi, mustaqil fikrlashga oʻrgatishi, mediataʼlim prinsiplariga amal qilishi muhim. Mediataʼlim bolalar, oʻquvchilarni, umuman, maktabni media izolyatsiyasidan chiqaradi.

Tahsil oluvchilarning mediasavodxonligini oshirishda fakultativ shakldagi toʻgaraklar imkoniyatidan maksimal foydalanish zarur. Ayni kunda Oʻzbekistondagi maktablarda toʻgaraklar, oʻquv-ishlab chiqarish majmualarida 51 kasb mavjud boʻlsa, ularda koʻproq tikuvchilik, duradgorlik kabi hunarlar oʻrgatiladi. Bu mazmun jihatidan toʻgaraklar eski qoliplarda ishlayotgani, zamonaviy bilimlarni qamrab ololmayotganini koʻrsatadi. “Jurnalistika”, “Mediataʼlim”, “Kino”, “Radio”, “Televideniye”, “Kopirayting”, “Veb-dizayn”, “Ijtimoiy mediamarketing”, “Yaxshi narsalar interneti”, “Reklama agenti boʻlmoqchiman” kabi toʻgaraklar ochilishi oʻquvchi-yoshlarning mediasavodxonligini oshirish bilan birga kasbga yoʻnaltirish vazifasini ham oʻtab, mediaolam uchun professional mutaxassislar yetishtirishga hissa qoʻshadi. Toʻgaraklarda mediasavodxonlikni shakllantirishga eʼtibor berish taʼlim standartlarini talab etmasligi, dasturlarning moslashuvchanligini taʼminlash qulayligi sababli ham samaralidir.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimida mediataʼlimni alohida mustaqil fan, tanlov fan yoki mustaqil kurs sifatida oʻqitish maqsadga muvofiq. Bunda faktcheking platformalari bilan ishlash, sunʼiy intellekt bilan ishlashda mediasavodxonlikni shakllantirish vazifalari kiritiladi.

Demak, mediataʼlimni joriy etish shakllari quyidagicha ifodalanadi:

Mediataʼlimning “oʻzbek modeli”ning prinsiplari quyidagicha boʻlishini taklif etamiz:

  1. Mediataʼlim oiladan boshlanadi.
  2. Axborotdan himoyalanish emas, axborotga ochiq boʻlish afzal.
  3. Mediataʼlim tarbiya bilan birga olib boriladi.
  4. “Fikrga qarshi fikr, gʻoyaga qarshi gʻoya, jaholatga qarshi maʼrifat” bilan kurashiladi.
  5. Mediasavodxonlik, tanqidiy tafakkur media, OAV bilan hamkorlikda shakllantiriladi.
  6. Mediataʼlimni milliy didaktik asoslarga tayanib oʻrgatish samarali.
  7. Axboriy va raqamli ijodkorlik – asosiy natija.

“Mediasavodxonlik, tanqidiy tafakkur media, OAV bilan hamkorlikda shakllantiriladi” tamoyili izoh talab etadi. Fikrimizcha, OAV aholining mediasavodxonligini oshiruvchi vosita boʻla oladi. Ayni kunda telekanallar va matbuotda internetning salbiy taʼsiridan ogohlantiruvchi materiallar beriladi. Faktcheking jurnalistikasi shakllanmoqda. Jurnalistlar toʻgʻri va xolis axborot tarqatish orqali axboriy muhit sofligiga xizmat qilishi mumkin. Koʻrinib turibdiki, OAV mediasavodxonlikni oshirishga hissa qoʻshmoqda. Faqat bunda OAVning teskari targʻibot quroliga aylanib qolishiga yoʻl qoʻymaslikka eʼtibor qaratish lozim. Shuningdek, taʼlim muassasalari jurnalistikasiz, OAV amaliyotisiz mustaqil ravishda mediasavodxonlikni oshirishi qiyin. Shuning uchun taʼlim muassasalari mediataʼlimni joriy etishda OAV bilan mustahkam hamkorlik oʻrnatishi samara beradi. Bu OAV vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazish, matbuot haftaliklari tashkil etish, toʻgaraklarga OAV xodimlarini jalb etish kabi shakllarda boʻlishi mumkin.

Xulosa oʻrnida aytganda mediataʼlimni taʼlim tizimiga didaktik asoslarga suyanib, tarbiya bilan parallel ravishda, oila institutining bevosita ishtirokida, media bilan hamkorlikda joriy etish bolalar, oʻsmirlar va yoshlarning raqamli salomatligini saqlash, mamlakatda sogʻlom va taraqqiyotga intiluvchan axborot muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.